27.08.2022

SSV: Sergeli tumanidagi kengaytirilgan sayyor tibbiy qabulga poytaxtning barcha tumanlari aholisi jalb etildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan boshlangan sayyor tibbiy qabul va sog‘lomlashtirish aksiyasi yurtimizning barcha hududlaridan so‘ng poytaxtimizda ham davom etmoqda. Toshkent shahrida o‘tayotgan tadbir tumanlar kesimida tashkillashtirilib, har kun reja asosida ma'lum hududlar aholisi qamrab olinyapti.

— Hozir zamonaviy tibbiyotda qandli diabetning 1-turi maolajasida insulin pompa terapiyasi yaxshi samara bermoqda.

Bugun esa, Sergeli tumanida Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullari ishtirokida kengaytirilgan sayyor tibbiy qabul o‘tkazilib, Toshkentning barcha tumanlari aholisi tadbirga jalb etildi.

Avvalgi aksiyalarda bo‘lganidek, mamlakatning 150 nafardan ortiq eng malakali mutaxassislari tomonidan aholiga zarur maslahatlar berildi, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, chuqurlashtirilgan yordamga ehtiyoji borlarga davolanish uchun imtiyozli bepul yo‘llanmalar rasmiylashtirildi.

Mazkur aksiyada hududdagi poliklinika shifokorlari o‘zlari mas'ul bo‘lgan aholi vakillarining murojaatlarini mas'ullarga yetkazishga bosh-qosh bo‘layotgani quvonarli hol. Chunki ushbu mutaxassislar o‘z hududidagi bemorlarning holatidan xabardor: ularning qay biriga tuman, qaysi biriga shahar, qaysinisiga esa respublika darajasida tibbiy yordam zarurligini yaxshi biladi.

Misol uchun, sayyor tibbiy qabulga yaqinlari hamrohligida kelgan 64 yoshli Saodat aya Perdeshova 2000 yildan buyon oyoq og‘rig‘idan aziyat chekadi. “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turuvchi ushbu bemor 2019 yil murakkab operatsiyani boshdan o‘tkazgan. Biroq bu bilan dard arigani yo‘q. Aksincha, bugun unda yana bir xastalik — suyak yemirilishi ketmoqda.

Shu sababli ayolga zudlik bilan endoprotez moslamasini o‘rnatish zarur. Ammo buning uchun katta mablag‘ talab etiladi. Bemorning esa bunday muolaja olishga moddiy imkoniyati yo‘q.

Aytish lozimki, vazirlik tomonidan o‘tkazilgan bugungi sayyor tibbiy qabulda ko‘plab bemorlar qatori, Saodat ayaning muammosiga ham ijobiy yechim topildi. U Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy amaliy tibbiyot markazining malakali shifokorlari tomonidan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgach, mazkur muassasada endoprotezlash operatsiyasini bajarish uchun bepul yo‘llanma taqdim etildi.

Fuqaro Shahlo Qo‘shmatovaning esa 30 yildan buyon ikki ko‘zi yaxshi ko‘rmaydi. Moddiy imkoni yo‘qligi sababli shu kungacha u ham xastalikdan davolana olmagan. Bemor sayyor tibbiy qabulga shu masalada yordam ilinjida kelgan.

Sayyor qabul davomida o‘z muammosiga yechim topgan yana bir bemor – Fattoh Gapparov bir necha yildan buyon oyoq og‘rig‘idan qiynaladi.

Bugungi o‘tkazilgan qabulda vazirlik mas'ullari mazkur bemorning murojaatiga ham quloq tutib, malakali shifokorlar tomonidan tekshiruvdan o‘tkazildi.

Shuningdek, u Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bepul operatsiya qilinadigan bo‘ldi.

Toshkent shahrida sayyor tibbiy qabullar davom etmoqda!